O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Ma’naviyma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5040-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida hamda Buxoro shahar hokimining 2024-yil 31-yanvardagi 01/126-sonli “Shahar ma’naviyat va ma’rifat Kengashi” bayonida 2024-yil davomida “Ma’naviyat va ma’rifat o’quvi”ni tashkil etish va o‘tkazish reja-jadvali bo‘yicha joriy yilning 5-aprel kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyat Buxoro shahar bo’linmasi hamda Buxoro ixtisoslashtirilgan san’at maktabi bilan hamkorlikda «Amir Temur – milliy o’zlikni anglash va adolat timsoli” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat» o’quvi o‘tkazildi.
Amir Temur ibn amir Tarag‘ay 1336 yil 9 aprelda Kesh (Shahrisabz) viloyatining Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida dunyoga kelgan. Uning otasi amir Muhammad Tarag‘ay barlos ulusiga mansub beklardan, bahodir jangchi, ulamoyu fuzaloga ixlosmand, ilm ahliga homiy va ishtiyoqmand kishi bo‘lgan.
Amir Temurning yoshligi haqida ma’lumotlar kam uchrasa-da, ayrim manbalarga qaraganda, u yoshligida xat-savod chiqarib, o‘z davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, me’morchilik va tarix ilmlarini o‘rgangan. Amir Temur bilan suhbatlashish sharafiga muyassar bo‘lgan buyuk arab faylasufi Ibn Xaldun jahongir turk, arab, fors xalqlari tarixini, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning murakkab jihatlarigacha yaxshi o‘zlashtirganini ta’kidlaydi. Amir Temur siyosat maydoniga kirib kelgan paytda, Movarounnahr mo‘g‘ullar istibdodi ostida bo‘lib, Chingizxon va Botuxon bosib o‘tgan shahar va qishloqlar vayronaga aylangan, suv inshootlari buzib tashlangan yoki ishga yaroqsiz holga keltirilgan, Chingizxon Movarounnahrni o‘zining ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoyxonga suyurg‘ol sifatida in’om qilgan edi.Amir Temurning hayoti va faoliyatida ikki davr yaqqol ko‘zga tashlanadi. Birinchi davri (1360-1385) Movarounnahrni mo‘g‘ul xonligidan ozod qilib, yagona markazlashgan davlat tuzish, o‘zaro urushlarga barham berish. Ikkinchi davri (1386-1405) esa ikki yillik, uch yillik, besh yillik, deb ataluvchi boshqa mamlakatlarga yurishlari bilan xarakterlanadi.
1360 yillardan boshlab Amir Temur Movarounnahrdagi ichki nizo, urushlarda ishtirok eta boshladi va Mo‘g‘uliston hukmdori Tug‘luq Temurxon, uning o‘g‘li Ilyosxo‘jaga qarshi kurashlardan so‘ng, Amir Husayn ustidan g‘alaba qozongach, 1370 yilda Movarounnahr taxtining haqiqiy sohibi bo‘ldi va Samarqandni hokimiyat poytaxti etib belgiladi.
Amir Temur taxtga o‘tirgach, Chig‘atoy ulusining barcha yerlariga o‘zini voris deb bildi va Sirdaryoning quyi havzasidagi yerlarni, Toshkent viloyatini, Farg‘ona vodiysini, Xorazmni o‘z hukmronligi ostiga kiritdi. Natijada, Movarounnahr va Xurosonda yirik markazlashgan davlat vujudga keldi. Sohibqiron so‘nggi yillarda Eron, Iroq, Kavkazorti mamlakatlari, Hindiston, Oltin O’rda va Turkiya bilan bo‘lgan janglarda g‘olib chiqib, saltanat hududini sharqtsa Xitoy devoriga qadar, g‘arbda — O’rta yer dengiziga, janubda esa Hindiston chegaralariga qadar kengaytirdi.Temur faoliyatida muayyan siyosiy yo‘l — mayda feodal hukmron-ligini tugatish, muhim xalkaro karvon yo‘llarida ustunlik qilib turgan Oltin O’rda, Eron va boshqa mamlakatlarning raqobatini yengib, Movarounnahrning siyosiy-iqtisodiy quvvatini ta’minlay oladigan markazlashgan davlat tashkil etish edi. Amir Temur avvalambor mamlakatda davlat tizimini mustahkamlash, boshqarishdagi tartib-intizom, qonunchilikni kuchaytirish, savdo-sotiq, hunarmandchilikni kengaytirishga imkoniyat yaratish, soliqlarni tartibga solish, mamlakat himoyasini ta’minlash yo‘lida qo‘shinning qudratini oshirish kabilarga katta e’tibor berdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Buxoro viloyat Buxoro shahar bo’linmasi